Davlat boshqaruvida qonun ustuvorligining ahamiyati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta`kidlaganidek, “Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta`minlash mamlakatimizida huquqiy demokratik davlat barpo etishning eng muhim mezonidir. Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlar, barcha darajadagi mansabdor shaxslarning harakatlari Konstitutsiyasi va mamlakat qonunlariga qat`iy va soʻzsiz muvofiqligi” . Davlat boshqaruvida qonun ustuvorligi - barcha davlat hokimiyati organlari faoliyatida konstitutsiya, qonunlar oliy yuridik kuchga ega boʻlib, ularning hokimiyat chiqaradigan boshqa hamma meʼyoriy hujjatlar va yoʻriqnomalardan ustun turishi. Qonun ustuvorligi jamiyatda demokratiya va qonunchilik taʼminlanishiga xizmat qiluvchi tamoyildir.
Bu tamoyil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida mustahkamlangan: "Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar". Qonun ustuvorligi tamoyili birinchidan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonunlarning qatʼiy hukmronligini bildirib, yuqorida taʼkidlanganidek, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarga soʻzsiz itoat etishida; ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlarning jamiyat, fuqaro va davlat manfaatlariga mos tarzda tartibga solinganini anglatib, mamlakat miqyosida barqarorlik, batartiblik va qonuniy tartibot muhiti oʻrnatilganida; uchinchidan, huquq buzilishi hollarining oldini olish, shuningdek, huquqiy munosabat ishtirokchilari qonunni buzgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun qonunlarning huquqiy asos vazifasini bajarishida namoyon boʻladi
Shovot tumani Аdliya boʻlimi YXKM boshligʻi K.X.Ismoilov